27/08/2021

Ro‘yxatga olish yalpi hisobga olish asosida aholining, uy-joyning soni va tarkibi, iktisodiy birliklarning tarkibi hamda holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlar olishini ta’minlaydigan tadbirdir.

Ro‘yxatga olish mamlakatni demografik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning  ayrim xususiyatlar hamda yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilishi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida amalga oshirilishi mumkin.

Respondentlarning induvidual ma’lumotlarini yig‘ish O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ro‘yxatga olish dasturida belgilangan savollarga muvofiq amalga oshiriladi.

Ro‘yxatga olish ma’lumotlari statistika kuzatuvlari, ma’muriy ma’lumotlar asosida yoki ularning umumlashmasi asosida shakllantirilishi mumkin.

Ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror sanasi va muddati, shuningdek moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan holda, O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.

«Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida ro‘yxatga olinadi.

Ro‘yxatga olish 2023 yil 1 — 25 noyabr kunlari o‘tkaziladi va ro‘yxatga olish boshlanishining aniq payti 2023 yil 1 noyabr soat 00.00 etib belgilanadi (keyingi o‘rinlarda — ro‘yxatga olish sanasi). Ro‘yxatga olishni o‘tkazish davomiyligi — 25 kun.

Respondentlarning shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ishda ro‘yxatga olish sanasidan keyin sodir bo‘lgan demografik holatlar hisobga olinmaydi. 2023 yil 1 noyabrdan keyin tug‘ilgan bolalar uchun ro‘yxatga olish varag‘i shakllari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlari to‘ldirilmaydi, biroq ushbu sanadan keyin vafot etgan shaxslar uchun to‘ldiriladi. Bunda vafot etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning voyaga yetgan, muomala layoqatiga ega oila a’zolari yoki mahalla idorasidagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.

 

Zomin tuman statistika bo‘limi