16/07/2021

Mamlakatimizda 2023 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbiri an’anaviy usulda, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qog‘oz shaklidagi ro‘yxatga olish varaqalarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, internet tarmog‘i orqali aholini ro‘yxatga olish imkoniyati ham yaratiladi, aniqrog‘i, hohlovchilar o‘zlari uylaridan yoki masofadan turib, maxsus dastur orqali savolnoma varaqalarini to‘ldirgan holda ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.

Qariyb uch yil cho‘ziladigan so‘nggi bosqichda esa olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman e’lon qilinadi. Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi.

Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda dolzarb, chunki ma’lumotlarning to‘g‘riligiga ular bevosita mas’ul. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tadbirga, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq.

Aholini ro‘yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro‘yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’yektlarini qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Qisqacha aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Forish tuman statistika bo‘limi