Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida statistik ma’lumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, respublikamizda 2024 yilda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirilishi belgilandi. Qarorga asosan Jizzax viloyat hokimining 2021 yil 6 martdagi 110-sonli qarori ishlab chiqildi hamda chora-tadbirlar rejasi belgilandi. Binobarin, Prezidentimizning 2019 yil 23 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi”ning ustuvor yo‘nalishlaridan biri — tarmoq statistikasining shaffof tizimini ishlab chiqish hisoblanadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yurtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy ishlab chiqaruvchilari bo‘lgan dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari faoliyati natijalari bo‘yicha statistik hisob-kitoblarni tashkil etishda ayrim kamchiliklar mavjud. Xususan, hududlardagi ba’zi mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan qishloq xo‘jaligi faoliyatini aniq hisobga olishning tizimli tashkil etilmaganligi statistik ma’lumotlarning haqqoniyligi, to‘liqligi va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida ro‘yxatdan o‘tkazish umuman amalga oshirilmagan. Bu, o‘z navbatida, agrar sektordagi yer maydonlari, asosiy turdagi dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlari tarkibiga ta’sir ko‘rsatgan o‘zgarishlar, tarmoq ko‘rsatkichlarining joriy hisobi bo‘yicha mavjud ma’lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda.
Mazkur tadbir viloyatimiz hududida, yaxlit va har bir ma’muriy-hududiy birlik bo‘yicha aniq bir vaqtda, qishloq xo‘jaligi faoliyatining turli tavsiflari to‘g‘risida, xalqaro taqqoslana oladigan ishonchli, xolis va yaxlit ma’lumotlarni yagona statistik metodlar asosida yig‘ish maqsadida amalga oshiriladi. Buning natijasida qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining aniq o‘lchamlarini, chorva mollari va parrandalarning sonini bilish orqali kelgusida respublikamiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, ma’lumotlarni xalqaro reytinglarda to‘liq aks ettirish imkoniyati vujudga keladi. Qishloq xo‘jaligida ro‘yxatdan o‘tkazish natijasida shakllanadigan ma’lumotlar soha uchun shaffof va xolis manba hisoblanadi. Shuningdek, ushbu ma’lumotlar kelgusida qishloq xo‘jaligining bir necha yillik istiqbolli rivojlanishi bashorat ko‘rsatkichlarini haqqoniy hisoblash uchun ishonchli zamin yaratadi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi va ekologiya statistikasi bo‘limi.