15/08/2023

       O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 martdagi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunining  6-moddasida  aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari deb quyidagilar keltirilgan:

      -davriylik;

      -umumiylik va bir paytdalik;

      -ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi;

      -shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi;

      -aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.

      Qonunga asosan aholini ro‘yxatga olish jarayoni davriylik - aholini ro‘yxatga olish har  o‘n yilda kamida bir marotaba o‘tkazilishi,

     umumiylik va bir paytdalik - aholini ro‘yxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir ma’lumotlarni barcha respondentlardan yig‘ish, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning o‘zida amalga oshiriladi,

       ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi - shaxsga doir ma’lumotlar yig’ilayotganda ro‘yxatga olish varag‘i har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldiriladi,

shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi - aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir ma’lumotlari maxfiy bo‘lib, respondentlarning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi,

       aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi - O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish aholini ro‘yxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan     holda amalga oshirilishi tamoyillariga tayanadi.

      Bundan tashqari mazkur qonunda asosiy tushunchalarga ham keltirb o‘tilgan:

     aholini ro‘yxatga olish — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o’tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;

      aholini ro‘yxatga olish sanasi — aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);

 

      respondentlar — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

      uy xo‘jaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, o‘zini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlaydigan, umumiy xo‘jalik yuritadigan, pul mablag‘larini to‘liq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin.

      Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar so‘rovini o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

       Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini ta’minlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

      Respondentlar so‘rovi davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin.

      Ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi.

      Aholini  ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga yetgan a’zolari tomonidan ma’lum qilinadi. O’ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma’lum qilinadi.

      Respondent  ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi.

      Aholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish taqiqlanadi.