Boshqarmada tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi VM-595-sonli “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorida belgilangan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha belgilangan qoidalar mazmuni-mohiyati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etishlari va sodir etilishi mumkin bo‘lgan qonun buzilishi holatlarini oldini olish borasida doimiy ravishda maxsus seminarlar, davra suhbatlari va tushuntirish ishlarini davom ettirish hamda hududiy organlar faoliyati samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama etilib, bu borada nazorat ishlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Bundan tashqari korrupsiyaga qarshi kurashish uchun aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsizlikni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyadan ogohlantirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish, korrupsion huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ular oqibatlari, sabablari va keltirib chiqargan sharoitlarni bartaraf etish hamda korrupsion huquqbuzarliklar sodir etilgani uchun muqarar jazolash tamoyilini tadbiq etish keltirilganligi ta‘kidlab o‘tildi.