10/03/2023

Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida ma’lum bir belgilangan davrlarda aholini ro‘yxatga olib boradi. Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.

Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897 yilda amalga oshirilgan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor 1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.

Aholini ro‘yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Unga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarida hududlarning xaritalari yangilanadi, mahallalarda mavjud nomlanmagan ko‘chalar nomlanadi, aholi punktlaridagi aholi yashayotgan turar va noturar joylar ro‘yxati tuzib chiqiladi, raqamlanmagan xonadonlar raqamlashtiriladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015 yil 10 iyunda “2020 yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasini qabul qildi. Unga ko‘ra, BMTga a’zo davlatlar mazkur 10 yillik raundda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yildi. Hozirda MDH mamlakatlarining aksariyatida aholini ro‘yxatga olish ishlari yakunlandi.

O‘zbekistonda ham aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Bunga 2020 yil 16 mart kuni qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yanayam aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’ektlarini qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Aholini ro‘yxatga olishni xalqaro andozalarga mos ravishda yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining UNFPA Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda aholini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda hududlarning xaritalarini yangilash, turar va noturar joylarning aniq sonini tuzib chiqish masalalari bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Ekspertlarning taklif tavsiyalari hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa statistiklari konferensiyasining “2020 yil raundida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish bo‘yicha tavsiyalari” asosida 2022 yil avgust oyida respublikamizdagi barcha mahallalarning xaritalari joyidagi holatga mosligi o‘rganib chiqildi va aholi yashayotgan turar joylar hamda noturar binolar ro‘yxati tuzib chiqildi. Mazkur jarayonlarga respublika bo‘yicha jami olti ming nafardan ortiq shaxslar uy-joylar ro‘yxatini tuzuvchi xodim (registrator) sifatida shartnoma asosida ishga jalb etildi.

Aholini ro‘yxatga olish birinchi navbatda aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, yashash sharoitlari, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.

Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi.

O‘z navbatida, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi. Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.

Chunonchi, aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’ulotlar nihoyatda qo‘l keladi.

 

Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yuzaga keladi.

Amaldagi joriy hisobga ko‘ra, 2023 yilning 1 yanvar holatiga  respublika doimiy aholisi soni 36 024,9 ming kishini tashkil etib, shundan shahar aholisi soni 18 335,7 ming kishini, qishloq aholisi soni 17 689,2 ming kishini tashkil etdi. Jami aholining 50,3 foizini erkaklar, 49,7 foizini esa ayollar tashkil etdi.

Aholini ro‘yxatga olish orqali O‘zbekistonning har bir manzili, hatto chekka va olis mahallayu ko‘chalarigacha aloqador barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo‘lamiz.

Bu qimmatli ma’lumotlar mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini beligilash bilan bir qatorda, respublika va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari va dasturlarini tuzishda keng qo‘llaniladi. Shuningdek, keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan oilalarni qo‘llab-qo‘vvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda keng foydalaniladi.

 

Axborot xizmati