Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘plashning eng samarali usuli aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, 2023 yilda mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining 2015 yildagi rezolyutsiyasiga asosan a’zo davlatlarga har o‘n yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish amaliyotini o‘tkazishni tavsiya etadi. Xo‘sh, bu bizga nima beradi? Birinchi navbatda, respublika aholisi va uning turmush sharoiti to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar aynan aholini ro‘yxatga olish orqali shakllantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF 5655-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 16 martda qabul qilingan “Axolini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Aholini ro‘yxatga olish 3 bosqichda amalga oshiriladi:
Birinchi bosqichda (3 yilgacha bo‘lgan muddat) quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
aholini ro‘yxatga olish tadbiri dasturini, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilishni tashkil etish uslubiyatini ishlab chiqish;
aholini sinov asosida ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish va uning asosida uslubiy hujjatlarni takomillashtirish;
har bir ro‘yxatga oluvchilarni o‘z hududi bo‘yicha xaritalar bilan ta’minlanishi;
aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish va aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishning tashkiliy rejasini tuzish;
har bir xonadon raqamlanishi va ko‘chalar nomlanishini ta’minlash;
zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish, uning o‘tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish;
axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish;
ro‘yxatga olish varaqalarini va boshqa hujjatlarni chop etish;
moddiy-texnika ta’minoti vositalarini tayyorlash va (yoki) xarid qilish, shuningdek, ularni ro‘yxatga olish uchastkalariga yetkazish;
ro‘yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash;
ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlarni o‘qitish;
aholini ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa ishlar.
Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davrda) bevosita aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish tadbiri materiallari topshiriladi.
Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha bo‘lgan davrda) quyidagilar amalga oshiriladi:
aholini ro‘yxatga olish tadbirining birlamchi materiallari ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olish;
aholini ro‘yxatga olish tadbiri materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlash;
birlamchi ma’lumotlarni kiritish, kodlashtirish, nazorat va tahrir qilish;
aholini ro‘yxatga olish bo’yicha dastlabki natijalarni olish;
aholini ro‘yxatga olish tadbiri natijalarini e’lon qilish va ularni tarqatish.
Axborot xizmati