Ma’lumki yurtimizda aholini ro‘yhatga olish yuzasidan keng qamrovli ishlar boshlab yuborildi. Albatta bu bugungi kun zarurati o‘laroq amalga oshirilmoqda. Yurtimizda oxirgi marta aholini ro‘yxatga olish jarayoni bundan 32 yil avval bo‘lib o‘tgani bu masalaning hozirda qanday ahamiyat kasb etishini ko‘rsatib beradi. Misol uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zo mamlakatlarni har 10 yilda aholini to‘liq ro‘yxatga olishni tavsiya etadi, chunki bu kelgusi dekadalarda mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik qarorlarni qabul qilish uchun asos bo‘la oladigan ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlanish imkonini beradi.
Aholini ro‘yxatga olish nafaqat aholi soni va demografiyasi balki oilaviy ahvoli, yashash sharoiti, bandligi, jinsi, yosh darajalari, fuqaroligi, hududlarda aholi zichlik darajasi va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari haqida ishonchli ma’lumot to‘plash imkonini beradi. Bu o‘z navbatida hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish, bo‘sh ish o‘rinlarini tashkil etishga yordam beradi. Bundan tashqari hududlarning xaritalaridagi mavjud xatoliklarga yechim topish bo‘yicha aniq takliflar berish imkonini vujudga keltiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2020 yil 11 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarorga muvofiq aholini ro‘yxatga olish 2023 yida o‘tkazilishi belgilandi. Tadbirga tayorgarlik sifatida mamlakatimizning to‘rt hududi: Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri, Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani hamda Toshkent shaharning Yashnobod tumanlarida 2021 yil 1-25 noyabr kunlari sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi. Hozirda doimiy targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilishi, joylarda keng qamrovli tushuntirishlar berilib, aholini ro‘yxatga olish mazmun mohiyati yoritilishi o‘ylaymizki o‘z samarasini beradi.
Yangiobod tuman statistika bo‘limi