Joriy yilning 21- dekabr kuni Jizzax pedagogika institutida viloyat statistika boshqarmasi tomonidan semenar tashkil etildi. Unda boshqarma xodimlari, institut oqituvchilari va talabalari qatnashdi.
Tadbirda joriy yilning 1–25- noyabr kunlari sinov tariqasida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari, shu yil 11- avgustda qabul qilingan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati hamda 2021- yilning 9 oylik ijtimoiy-iqtisodiy statistik ko‘rsatkichlariga viloyat statistika boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Zakirov Akram atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Viloyat statistika boshqarmasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Haydarov G‘ulom Jumanovich aholini ro‘yxatga olishning ahamiyati xususida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olishda har bir fuqaroning ma'lumotlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti, uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma'lumot to‘planadi.
Aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asosi bo‘lib, 2020- yil 16- martda qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni xizmat qiladi. Mazkur qonun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mustaqillik yillarida qabul qilingan ilk qonun bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Mazkur qonun ijrosini samarali tashkil etish maqsadida 2020- yilning 11- noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25- noyabr kunlari o‘tkaziladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni va barcha me'yoriy hujjatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida 2021- yilning 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi.
Viloyat statistika boshqarmasi mutaxassislari davra suhbati ishtirokchilari tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.
Axborot xizmati