10/12/2021

 2021- yil 10- dekabr kuni soat 13:00da Jizzax politexnika institutida viloyat statistika boshqarmasi tomonidan davra suhbati tashkil etildi. Unda boshqarma xodimlari, institut oqituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbir boshida 2021- yil 11- avgustda qabul qilingan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati xususida Jizzax viloyati politexnika instituti o‘qituvchisi professor Otabek Arziqulov  alohida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu qonunni ishlab chiqishda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari uchun maxsus ishlab chiqilgan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi model qonuniga tayanildi.

Yangi qonun 7 ta bob va 44 ta moddadan iborat bo‘lib, avvalgi qonunimizdan tubdan farq qiladi va asosiy jihatlar va yangiliklarni quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin: birinchidan, yangi tushuncha, ya’ni rasmiy statistika tushunchasi amaliyotga joriy etilmoqda. Qonunda rasmiy statistika O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik hodisalar va jarayonlarni hamda boshqa hodisalar va jarayonlarni tavsiflovchi, ushbu qonunning qoidalariga muvofiq tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika ma’lumotlaridan iboratdir, deb aniq belgilab qo‘yilmoqda.Bundan buyon ushbu qonun qoidalariga muvofiq tayyorlanmagan har qanday statistika ma’lumoti rasmiy deb tan olinmaydi va mazkur tushuncha yordamida milliy axborot makonida rasmiy va norasmiy statistik ma’lumotlarni aniq ajratib olish imkoniyati yaratiladi.Tadbirda joriy yilning 1–25- noyabr kunlari sinov tariqasida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan talabalarga atroflicha ma’lumotlar berildi.

Aholini ro‘yxatga olishda har bir fuqaroning ma’lumotlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.

Aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asosi bo‘lib, 2020- yil 16- martda qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni xizmat qiladi. Mazkur qonun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mustaqillik yillarida qabul qilingan ilk qonun bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Mazkur qonun ijrosini samarali tashkil etish  maqsadida 2020- yilning 11- noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25- noyabr kunlari o‘tkaziladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni va barcha me'yoriy hujjatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida 2021- yilning 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi.

Davra suhbatida korxona va tashkilotlarning demografiyasi va xizmatlar statistikasi ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham fikr-mulohazalar bildirildi. Boshqarmaning registr statistikasi boshqarmasi boshlig‘i Zakirov Akram Ahmedovich mavzu bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, 2021- yilning yanvar-oktabr oylarida viloyatda 5260,9 mlrd. so‘mlik xizmat ko’rsatilgan, 2020- yilning yanvar-oktabr oyiga nisbatan 118,8 % ni tashkil etdi.  Boshqarma mutaxassislari davra suhbati ishtirokchilari tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berishdi hamda semenar ishtirokchilariga esdalik sovg‘alar ulashildi.

Axborot xizmati