Aholini ro‘yxatga olish — kelajak sari yangi qadam Mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday ma’lumotlar ma’lum vaqt oralig‘ida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari orqali to‘planadi. Ular nafaqat respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.
BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning demografik ko‘rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o‘sib borishini ta’minlash uchun har o‘n yilda kamida bir marotaba aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan so‘ng keng ko‘lamda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor 2023 yilda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ayni paytda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Aholini ro‘yxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qat’iy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qat’i nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining soni (2021 yil 1 yanvar holatiga respublika aholisi 34 558,9 ming kishi tashkil etgan), fuqaroligi, nikoh holati ya’ni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning ta’lim darajasi (o‘rta, o‘rta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xo‘jalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bugungi kunda yetarlicha mavjud bo‘lmagan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi.
Jizzax shahar statistika bo‘limi