19/11/2021

Mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi ma’lumotlarhar qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday ma’lumotlar ma’lum vaqt oralig‘ida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari orqali to‘planadi. Ular nafaqat respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.

BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning demografik ko‘rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o‘sib borishini ta’minlash uchun har o‘n yilda kamida bir marotaba aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan so‘ng keng ko‘lamda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan. Shu bois, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʼzbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 710-sonli qaroriga muvofiq mamlakatimizda ilk bor 2023 yilda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ayni paytda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Aholini ro‘yxatga olish  mamlakat hududida millati, elatidan qat’iy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qat’i nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining  soni (2021 yil 1 yanvar holatiga respublika aholisi 34 558,9 ming kishi tashkil etgan), fuqaroligi, nikoh holati ya’ni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning ta’lim darajasi (o‘rta, o‘rta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni,uy xo‘jalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bugungi kunda yetarlicha mavjud bo‘lmagan ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi.

 -Nega 10 yilda bir marta?

Dunyo bo‘ylab ming yillar davomida o‘tkazib kelinayotgan aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor eramizdan avvalgi 3800 yillarda  bobilliklar tomonidan o‘tkazilganiga tarixiy ishoralar bor. Har 6 yoki 7 yilda o‘tkazilgan bunday tadbirlarda aholi va chorva soni, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori hisobga olingani haqida tarixiy manbalarda ayrim ma’lumotlar saqlanib qolgan.

Qadimgi Misr, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya, Vavilon, Gresiyava Yunoniston davlatlarida esaaholini ro‘yxatga olish tadbirlari soliq to‘lovchilar va harbiy xizmatga yaroqli aholi sonini bilish maqsadida o‘tkazilgan.Shuningdek, shaharlardagi yerlar va xo‘jaliklar, hunarmandchilik va savdo-sotiq hamda ular bilan birga aholini statistik hisobga olishning turli shakllari mavjud bo‘lgan.

         Aholini muntazam ro‘yxatga olish tarixi 1790 yilga borib taqaladi. O‘shanda AQSHda, 1801 yilda esa bir vaqtning o‘zida Angliya, Shotlandiya, Fransiya, Daniya va Norvegiyada shunday tadbirlar o‘tkazilgan.Biroq ular hali mukammal bo‘lmagani holda, uzoq vaqt davomida aniq bir vaqtga bog‘liq bo‘lmagan, belgilangan qoidalarga amal qilinmagan tarzda olib borilgan.

1846 yilda yirik statistik olim Adolf Ketl (1796-1874) boshchiligida Belgiyada o‘tkazilgan ro‘yxatga olish  birinchi chinakam ilmiy ro‘yxatga olish deya e’tirof etiladi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, ro‘yxatga olish muddati bir kunlik bo‘lib, haqiqatda mavjud aholi hisobga olingan. Mazkur ro‘yxatga olish tajribasidan keyinchalik, Yevropaning ko‘plab davlatlari foydalangan.1870-1879 yillarda dunyo bo‘yicha atigi 48 ta davlatda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilgan bo‘lsa, XX asr oxiriga kelib, deyarli barcha davlatlar o‘z aholisini ro‘yxatga olishga kirishdi. Yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlarinstruktorlik uchastkasida faoliyat yurituvchi stasionar ro‘yxatga oluvchi xodimlarga murojaat qilib, ro‘yxatdan o‘tishlarimumkin bo‘ladi.Tuman va shahar miqyosida aholini ro‘yxatga olish ishlarini nazorat qilish uchun hududlarda aholini ro‘yxatga olish bo‘limlari tashkil etiladi. Jarayon yakuniga yetkazilgandan so‘ng hududiy statistika boshqarmalari qoshida Aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlarini elektron bazaga kiritish markazlari tashkil etiladi.

Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat o‘zimiz, balki kelajak avlod uchun muhim ma’lumotlarni to‘plashga erishamiz. Aholini ro‘yxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini beligilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qo‘llaniladi.Keyingi o‘n yillikka mo‘ljallangan oilalarni qo‘llab-qo‘vvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.

Ro‘yxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi ma’lumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va rag‘batlantirishga yo‘l ochadi. Biznes vakillari ro‘yxatga olish ma’lumotlari orqali mehnat hamda iste’mol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, aholi to‘g‘risida to‘planadigan ma’lumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Baxmal tuman statistika bo‘limi