Joriy yilning 21 oktyabr kuni “Davlat tili haqida”gi qonunning 32 yilligi munosabati bilan statistika boshqarmasida tadbir o‘tkazildi. Davra suhbati tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda Jizzax politexnika instituti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Sh.T.Almamatova hamda Iqtisodiyot va menejment kafedrasi katta o‘qituvchisi O.A.Arzikulov mavzu yuzasidan o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirishdi.
Ta’kidlanganidek, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgani hamda «Davlat tili haqida»gi qonunda ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratilgan.
Darhaqiqat, til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, anьanalarini saqlaydi. Yurtimizda 1989 yil 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir» deb belgilab qo‘yilgan.
Ahamiyatlisi, davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 oktyabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmoni bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21 oktyabr sanasi “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida belgilandi.
Tadbir statistika xodimlarining faolligi ostida bo‘lib o‘tdi va xodimlarga ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Axborot xizmati