Mamlakatimizda statistika ma’lumotlarining sifati va ishonchliligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilib, bo‘lib o‘tayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni, jumladan xalqaro tashkilotlarning maxsus nashrlari va ma’lumotlar bazalarida xolis va ishonchli aks ettirishni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Milliy statistika tizimining huquqiy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish maqsadida Rasmiy statistika to‘g‘risida qonun qabul qilindi, Ushbu Qonunning maqsadi rasmiy statistika sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Rasmiy statistika ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq davlat statistika organlari va rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika ma’lumotlaridan iboratdir.
Rasmiy statistika sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar belgilandi:
milliy statistika tizimining huquqiy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish;
milliy statistika tizimining infratuzilmasini takomillashtirish;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashdan iboratdir.
Davlat statistika organlari mustaqilligi qonunda belgilab qo‘yildi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining statistika boshqarmalari, tumanlarning (shaharlarning) statistika bo‘limlari davlat statistika organlaridir.
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari davlat statistika organlarining ushbu Qonunga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining statistika boshqarmalari, tumanlarning (shaharlarning) statistika bo‘limlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil bo‘lib, bevosita vakolatli davlat organiga bo‘ysunadi.
Rasmiy statistikadan foydalanuvchilar quyidagi huquqlari belgilab qo‘yildi.
Jismoniy va yuridik shaxslar (shu jumladan ularning alohida bo‘linmalari, filiallari va vakolatxonalari) rasmiy statistikadan foydalanuvchilar bo‘lishi mumkin.
Rasmiy statistikadan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
rasmiy statistikani tayyorlovchilarning rasmiy veb-saytlarida va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan statistika ma’lumotlaridan erkin foydalanish;
rasmiy veb-saytlarda va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinmagan ochiq statistika ma’lumotlarini olish maqsadida rasmiy statistikani tayyorlovchilarga so‘rov bilan yoki ularni e’lon qilish to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qilish.
Rasmiy statistikadan foydalanuvchilar o‘z mahsulotlarida (ishlarida va xizmatlarida) o‘zi foydalangan statistika ma’lumotlarining manbalarini ko‘rsatishi shart.
Vakolatli davlat organi rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari, rasmiy statistikadan foydalanuvchilar, respondentlar va ma’muriy ma’lumotlarni yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikda statistika dasturlarining tayyorlanishini ta’minlaydi.
Statistika dasturlari ko‘rib chiqish uchun Statistika kengashiga kiritiladi.
Vakolatli davlat organi milliy statistika tizimiga kiruvchi rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari bilan birgalikda statistika dasturlarining bajarilishini ta’minlaydi.
Statistika dasturlari ko‘p yillik va bir yillik bo‘lishi mumkin.
Rasmiy statistika mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tahlil qilish va baholash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida, shuningdek jamoatchilikni xabardor qilish, rasmiy statistikadan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash uchun e’lon qilinadi.
Jizzax viloyat statistika
boshqarmasi bosh yuriskonsulti
G‘ulom Qo‘shoqov