09/09/2021

2021- yil 8- sentabr kuni videokonferensaloqa tarzida Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyatining Jahon banki missiyasi bilan “O‘zbekistonda statistika tizimini takomillashtirish” loyihasi bo‘yicha onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Jahon banki tomonidan ishchi guruhi a’zolari – Uilyam Seitz, Stela Leuca, Asliddin Odilov, Elbek Yusupov, Fazliddin Rahimov ishtirok etdilar. Qo‘mita tomonidan Davlat statistika qo‘mitasi raisi Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi tarmoq boshqarmalari boshliqlari ishtirok etishdi.

Missiyaning asosiy maqsadi – mazkur loyihaning tadbirlar rejasi, texnik-iqtisodiy asosi, shuningdek, loyihaning baholash hujjatlarini muhokama qilishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-sonli qaroriga muvofiq, Jahon banki ekspertlari ko‘magida ishlab chiqilgan “2020—2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi statistikasini rivojlantirishning milliy strategiyasi” tasdiqlangan edi.

Videokonferensiyada loyihaning tarkibiy qismlari, xususan, institutsional islohotlar va salohiyatni rivojlantirish, ma’lumotlarni tayyorlash, texnik imkoniyatlarni takomillashtirish, shuningdek, loyihani boshqarish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar mazkur loyiha doirasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Uchrashuv iliq va do‘stona ruhda o‘tdi.

 

DSQ matbuot xizmati