08/09/2021

2021- yil 8- sentabr kuni soat 11:00 da Milliy matbuot markazida Davlat statistika qo‘mitasi va Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida ochiq ma’lumotlar sohasini yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi rahbariyati, markaziy apparati boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbariyati hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, ochiq ma’lumotlarning ochiqlik va sifat darajasi, ularni fuqarolarga va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari, shuningdek, davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash orqali O‘zbekiston Respublikasining jahon maydonidagi imidjini hamda investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari va boshqa soha mutaxassislarining o‘z faoliyatida ochiq ma’lumotlardan erkin foydalana olishini, ma’lumotlar asosida tahliliy ishlarni olib borish, mobil ilovalar ishlab chiqish yoki ilmiy izlanish jarayonlarida mazkur ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlash maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalining yangi talqini – data.egov.uz ishlab chiqilgani va ishga tushirilgani ta’kidlandi.

 Shu bilan birga mazkur tadbirda yangi portalning quyidagi imkoniyatlari yaratilgani aytib o‘tildi:

- ochiq ma’lumotlar portali faoliyati doirasida mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sun’iy intellekt asosidagi dasturiy ta’minotda foydalanish uchun davlat va boshqa ma’lumotlar to‘plamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli ma’lumotlar platformasi;

- ma’lumotlarni standartlashtirilgan shaklda yuritish, interaktiv xaritaga obyektning geografik joylashuv ma’lumotlarini kiritish imkoniyati;

- ochiq ma’lumotlar to‘plamlarida aholi va tadbirkorlik subyektlarining ehtiyojlarini hisobga olish mexanizmi;

 - ochiq ma’lumotlar to‘plamlarini o‘z vaqtida joylashtirish va ularni yangilash ustidan avtomatik ravishda nazorat qilish imkoniyati;

- ma’lumotlar bilan ishlashda foydalanuvchilarga, jumladan ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulayliklar;

- har bir ma’lumotga alohida takrorlanmas ID biriktirish hamda tegishli ma’lumotlarni joylashtirish, qayta ishlash, saqlash va izlashni uning yordamida amalga oshirish imkoniyati;

- ma’lumotlarni o‘z vaqtida yangilab borishning monitoring tizimi hamda muddatida joylashtirilmagan ma’lumotlar bo‘yicha vazirlik va idoralarning shaxsiy kabinetiga xabar jo‘natish imkoniyati;

- ma’lumotlarni onlayn tarzda yangilab borishni yo‘lga qo‘yish maqsadida davlat organlarining idoraviy axborot tizimlari va resurslarini portal bilan integratsiya qilish funksiyasi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portali faoliyati doirasida mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sun’iy intellekt asosidagi dasturiy ta’minotda foydalanish uchun davlat va boshqa ma’lumotlar to‘plamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli ma’lumotlar platformasi yaratilganligi to‘g’risida aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, mazkur tadbirda 2019–2021- yillarda mamlakatimizda ochiq ma’lumotlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgani va bu ishlar orqali quyidagi natijalarga erishilganligi alohida e’tirof etildi: 

- “Open data Inception” tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, jahon mamlakatlari orasida O‘zbekiston 99 ta ochiq ma’lumotlar manbalari bilan ochiq ma’lumotlar manbalari soni bo‘yicha jahonda 5-o‘rinni egalladi;

- “Open Data Inventory” (ODIN) Ochiq ma’lumotlar reytingida O‘zbekiston Respublikasi 63 ballni to‘pladi va reytingda 125 ta pozitsiyaga ko‘tarilib, dunyoda 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi;

- Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Elektron hukumat kuzatuvi – 2020” da “Ochiq davlat ma’lumotlari indeksi” bo‘yicha O‘zbekiston eng yuqori (Very High OGDI) ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan jahonning 41 ta mamlakati orasidan joy oldi;

- O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro ochiq ma’lumotlar Xartiyasiga qo‘shilgan jahondagi 23-mamlakat, Osiyoda esa Janubiy Koreya va Filippindan keyingi uchinchi davlat bo‘ldi.

- O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portalini yangi talqiniga joylashtirish uchun 3341 ta ochiq ma’lumotlar to‘plamidan iborat bo‘lgan yangi ro‘yxat shakllantirildi.

Matbuot anjumanida, yaratilgan yangi portal davlatimizning xalqaro miqyosdagi imidji va salohiyatini nufuzli reytinglarda aks ettirilishi hamda buning natijasida xalqaro investorlar uchun ishonchli ma’lumotlar manbasi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Matbuot anjumanida Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari OAV vakillari tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.

 

DSQ matbuot xizmati