Bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sababli ko‘pgina davlatlar aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddatlarini keyingi yillarga ko‘chirish choralarini ko‘rishmoqda. Jumladan, 2020- yilda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Armaniston Respublikalarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari 2021- yilga ko‘chirildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi PF-5655-sonli Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish 2022 yilda o‘tkazilishi belgilangan edi. Aholini ro‘yxatga olish tadbiri keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va katta mablag‘ talab etadigan tadbir bo‘lib, uni o‘tkazish uchun 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab yetiladi.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor o‘tkazilayotganligini inobatga olib, tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni sifatli o‘tkazish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori bilan respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023 yilda o‘tkazilishi belgilandi.
Ushbu qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, uning joylardagi bo‘limlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi 2021 yil 1 aprelga qadar aholi punktlari va ko‘chalar nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazish va 2023 yilda aholini ro‘yxatga olish davriga qadar muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xuzuridagi O‘zbekiston Respublikasida
2023 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalar 2021 yilda (sinov tariqasida) va 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirilishida, qolaversa yangi O‘zbekistonni qurishda har bir aloqador tashkilot o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarsa, aholi to‘g‘risida aniq va sifatli ma’lumot olish, mamlakatni kelgusida kompleks rivojlantirish, jumladan, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyatini beradi.
G‘allaorol tuman statistika bo‘limi