Viloyat statistika boshqarmasi Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish bo'limi tomonidan Vazirlar Mahkamasininig 2020- yil 11- noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 710- sonli qarorining ijrosi bo`yicha tadbirlar o’tkazib kelinmoqda.
Xususan, Davlat statistika qo‘mitasining Qishloq xo‘jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi boshlig‘i G‘ulomov Shovkat Abdurahmonovich boshchiligida Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi xodimi Orif Abdurahmonov ishtirokida viloyati statistika boshqarmasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish, bu jarayonda foydalanish uchun zarur bo‘ladigan kartografik materiallarning tayyorlanish holatini o‘rganish kabi masalalar yuzasidan tadbir tashkil qilindi.
Tadbir davomida viloyatdagi mavjud barcha shahar va tuman xaritalari hamda mahalla va qishloq aholi punktlarining chizma rejalarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, tayyorlanadigan xaritalarda mavjud mahalla fuqarolar yig‘inlari va qishloq aholi punktlarining chegarasini aniq ko‘rsatish, ularning chizma rejalarini qog‘oz va elektron shaklda tayyorlash, ko‘cha nomlari, ko‘p qavatli uylar va hovlilar, turar, noturar joylar maxsus belgilar bilan ajratish kerakligi ta’kidlandi.
Tadbir so‘nggida viloyatda 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Axborot xizmati