Maqsad aniq, rejalar qat’iy. Amaliy ishlarga esa allaqachon kirishilgan. Xususan, Prezidentimiz Farmoni asosida Aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Mazkur Konsepsiya asosida O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama va huquqiy ekspertizalardan so‘ng 2020 yil 16 mart kuni qabul qilindi.
Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat bo‘lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va prinsiplari yoritib berilgan. Asosiy prinsiplardan biri sifatida davriylik prinsipi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi hamda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Yana bir muhim prinsiplardan biri, bu shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi bo‘lib, bunda aholini ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan shaxsga doir ma’lumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, ya’ni respondentlar – aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, Qonunda, aholini ro‘yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro‘yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy ta’minlash asoslari belgilab berilgan.
Ayni paytda viloyat statistika boshqarmasi tomonidan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholini ro‘yxatga olishning ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, mahalliy televidenie, gazeta va jurnallar hamda rasmiy veb-saytlarda axborot-targ‘ibot ishlari ham izchil davom ettirilyapti.
Shuningdek, viloyat va tuman statistika bo‘limlari xodimlari tomonidan reja-jadval asosida viloyatdagi raqamlanmagan uylar va xonadonlarni raqamlash hamda nomi o‘zgargan ko‘chalarga yangi nom belgilarini o‘rnatish ishlarini mahallalarga tanlanma ravishda joyiga chiqqan holda o‘rganib borilmolqda. O‘rganish davomida aniqlangan kamchilik va nomuvofiqliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mahalliy hokimliklarga taqdim etilib, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Aholini ro‘yxatga olish respublika miqyosidagi keng ko‘lamli dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan tadbir hisoblanadi. Respublikada bu tadbir ilk bor o‘tkazilishi juda katta mas’uliyatni talab qilishi hamda xalqaro tashkilotlar (BMT, UNFPA, Jaxon banki, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi va boshq.) tomonidan kuzatib borilishini inobatga olib, Respublikada bo‘lgani kabi viloyatda ham bu tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.
Axborot xizmati