Bugun mamlakatimizda yangi davr boshlandi. Inson manfaatlari har narsadan ustun ko‘rilayotgan bu davrda keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o‘tkazish orqali aholi farovonligini ta’minlash bosh vazifa etib belgilandi. Davlatimiz rahbari prezidentlik vazifasini bajarishga kirishgan ilk kunlaridanoq, mutasaddilar oldiga respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan har qanday dasturlar aholi soni, yashash sharoiti, ma’lumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi va joylashuvi to‘g‘risidagi aniq ma’lumot va tahlillar asosida ishlab chiqilgandagina ko‘zlangan natijalarni beradi. Bunday ma’lumotlarni olish imkonini beradigan yagona – aholini ro‘yxatga olish tadbiri mamlakatimizda bundan 33 yil avval o‘tkazilganligi bois, uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini ishlab chiqish imkoniyatlarini ma’lum darajada cheklamoqda.
Xalqaro tajribaga asosan aholi soni bo‘yicha aniq va yaxlit ma’lumotlar aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Aholini ro‘yxatga olish yakunlariga qarab o‘tmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin bo‘ladi.
Hozirgi paytda mamlakatda aholini ro‘yxatga olish xalqaro me’yorlar asosida o‘tkaziladi. Har 10 yilda o‘tkaziladigan bu tadbirda aholi an’anaviy: yoshi, jinsi, ma’lumoti, ish joyi, millati, shuningdek, turarjoyi va uning maishiy texnikalar bilan jihozlanishi kabi savollarga javob berishi kerak bo‘ladi.
Aholini ro‘yxatga olish avvalo davlatga yoki hukumatga emas, jamiyatning o‘zi uchun zarur bo‘lib, u vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zini ko‘zguda ko‘rish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Ro‘yxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro o‘zi haqidagi ma’lumotlarni taqdim eta turib, o‘zlari mansub bo‘lgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadilar.
Misol uchun, ishsizlarning so‘rovnomadagi javoblari mehnat bozorini o‘rganish va aynan kerakli joyda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Bolalar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar maktab, bolalar bog‘chalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda ishlatiladi. Yosh haqidagi ma’lumotlar qachon va qancha odam pensiyaga chiqishi, ularning pensiya to‘lovlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni jamg‘arib borish imkonini beradi. Yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yo‘llar qurilishini rejalashtirish uchun zarur.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti iqtisodiy va ijtimoiy kengashining 2015 yil
10 iyundagi “2020 yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturi” Rezolyutsiyasida a’zo davlatlarni 2015 yildan 2024 yilgacha kamida bir marotaba “Aholini ro‘yxatga olish”ni o‘tkazishga da’vat etadi. Mazkur rezolyutsiyaga asosan, O‘zbekiston Respublikasida ham har 10 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish belgilab olindi.
Ro‘yxatga olish mamlakatni demografik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim xususiyatlari hamda yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilishi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida amalga oshirilishi mumkin.
Respondentlarning induvidual ma’lumotlarini yig‘ish O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ro‘yxatga olish dasturida belgilangan savollarga muvofiq amalga oshiriladi.
Ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror sanasi va muddati, shuningdek moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan holda, O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.
«Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida ro‘yxatga olinadi.
Axborot xizmati