Bugun Jizzax viloyat FM 105.5 va 106.2 Jizzax radio kanali orqali 2023 yilda mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga olib borilayotgan ishlar bo‘yicha Jizzax viloyat statistika boshqarmasi ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Haydarov G‘ulom va Statistik registrlarni yuritish bo‘limi boshlig‘i Zakirov Akram ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Ochiq muloqotda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga quyidagi javoblarni olishdi. Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘plashning eng samarali usuli aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining 2015 yildagi rezolyutsiyasiga asosan a’zo davlatlarga har o‘n yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish amaliyotini o‘tkazishni tavsiya etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710- sonli Qaroriga muvofiq, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2021 yilning 1 martiga qadar (sinov tariqasida) va 2022 yilning 1 iyuniga qadar (asosiy) aholini ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari) bilan ta’minlash vazifasi yuklatilgan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimliklari, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab – quvvatlash vazirligiga aholi punktlari va ko‘chalar nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash, aholi soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish ishlarini yakuniga yetkazish va 2023 yilda aholini ro‘yxatga olish davriga qadar muntazam yangilab borilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi 710- sonli Qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish 2023 yilga belgilandi.
Oxirgi yillarda hukumatimiz tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini yanada rivojlantirish va barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va qulayliklar natijasida faoliyat ko‘rsatayotgan hamda yangi tashkil etilayotgan korxona va tashkilotlar soni yildan-yilga sezilarli ravishda oshib bormoqda.
Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘z o‘rnida, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish borasida ham qonunchilikda muhim qarorlar qabul qilinib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishni avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Bu esa aholi hamda xorijiy investorlarning o‘z shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Axborot xizmati