24/08/2021

Seminar davomida “Jizzax viloyat statistika boshqarmasi tizimida 2021 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoraviy chora-tadbirlar rejasi” ijrosi yuzasidan o‘tgan davr davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. 2021 yil  6 iyul kuni qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6257-sonli prezident farmoni mazmun-mohiyatiga unda belgilangan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Farmonga muvofiq, “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri” yuritiladi.

2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi
50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.

Deklaratsiyani berishdan bosh tortish va qasddan noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va javobgarlikka sabab bo‘ladi.

2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilariga xorijda bank hisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.

Mansabdorning o‘z shaxsiy manfaati majburiyatlarini ob’yektiv va xolis bajarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanadi.

Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish va oldini olish bo‘yicha chora ko‘rmaganlik javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqiladi:

Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga
kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash;

Korrupsiyaviy jinoyatlarga jazoni uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;

daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatish;

korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlarga yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilash;

Tadbir so‘ngida xodimlar o‘rtasida o‘z kasbiga nisbatan mas’uliyat hisini oshirish, yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni bajarishda halollik, xolislik, beg‘arazlik tamoyillariga rioya qilish, har qanday ko‘rinishdagi sansolarlik, tamagirlik va boshqa salbiy holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni hamda tushuntirish ishlarini kuchaytirish belgilab berildi.

Boshqarmaning yuristkonsul'ti Qo'shoqov G'ulom