Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida muntazam ravishda aholisini ro‘yxatga oladi. Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897 yilda o‘tkazilgan, aholi soni 3,9 mln. kishini tashkil qilgan. Keyinchalik 1926 yil (4,6 mln kishi), 1939 yil, (6,3 mln. kishi), 1959 yil (8,1 mln kishi), 1970 yil (11,8 mln kishi), 1979 yil (15,4 mln kishi) va 1989 yil (19,7 mln kishi) o‘tkazilgan.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri umuman o‘tkazilmagan bo‘lib, mazkur tadbir ilk marotaba o‘tkazilishi belgilandi.
Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar ro‘yxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’yektlarni qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
Respublikamizda aholini ro‘yxatga olish bizga nima beradi?
Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.
Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi. O‘z navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.
Shunday ekan aholimiz o‘zlarining kelajagi uchun aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida faol ravishda ishtirok etishlari lozim bo‘ladi.
Jizzax shahar statistika bo‘limi