10/06/2021

Aholini ro‘yxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning o‘zi uchun zarur bo‘lib, u vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zini ko‘zguda ko‘rish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir.

Ro‘yxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro o‘zi haqidagi ma’lumotlarni taqdim eta turib, o‘zlari mansub bo‘lgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Misol uchun, ishsizlarning so‘rovnomadagi javoblari mehnat bozorini o‘rganish va aynan kerakli joyda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bersa, bolalar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qo‘l keladi.Yosh haqidagi ma’lumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya to‘lovlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni jamg‘arib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha ta’lim, umumta’lim maktablari yoki oliy ta’limga qabul qilinadigan yoshlar to‘g‘isidagi ma’lumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi to‘g‘isidagi ma’lumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yo‘llar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan ta’minlashni rejalashtirish uchun zarur.

Mamlakatimizda sinov tariqasida joriy yildan boshlangan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari 2023 yilda o‘tkaziladigan ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko‘rishning muhim bosqichi hisoblanadi.Mazkur amaliyot uslubiy, texnik va tashkiliy masalalarni qayta ko‘rib chiqish imkonini bergani bois, unda qancha ko‘p respondentlar (aholi) qatnashsa, shuncha ko‘p kamchiliklarni aniqlash va tuzatishga sharoit tug‘iladi va respublika darajasida bo‘ladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirining sifatli va samarali o‘tkazilishi ta’minlanadi.

Mazkur ishlarni sifatli tashkil etish maqsadida joylarda maxsus guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, jarayonlar aniq va tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Ro‘yxatga oluvchilar ishini muvofiqlashtirish uchun har bir instruktorlik uchastkasida 1 nafar instruktor va 1 nafar statsionar ro‘yxatga oluvchi faoliyat yuritadi. Ularning ishini ro‘yxatga olish uchastkasi xodimlari nazorat qiladi.

Yashab turgan xonadonida (joyida) ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar instruktorlik uchastkasida faoliyat yurituvchi statsionar ro‘yxatga oluvchi xodimlarga murojaat qilib, ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi.Tuman va shahar miqyosida aholini ro‘yxatga olish ishlarini nazorat qilish uchun hududlarda aholini ro‘yxatga olish bo‘limlari tashkil etiladi.

Sharof Rashidov tuman statistika bo'limi