26/12/2024

      Shaxsga  doir  maʼlumotlarni  yigʻish  jarayonida  Aholini  roʻyxatga olish  dasturida  belgilangan  savollar  roʻyxatiga  rioya  etishi,  ularning mazmuni buzilishiga yoʻl qoʻymasligi; shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi, ularning mazmunini oshkor qilmasligi shart.

      Qonunning 21-moddasida aholini roʻyxatga olish dasturi sifatida shaxsga doir  maʼlumotlarni  yigʻish  amalga  oshiriladigan  savollar roʻyxati  belgilab  berilgan.  Ular  respondentning  familiyasi,  ismi, otasining  ismi,  tugʻilgan  sanasi  va  joyi,  yoshi,  jinsi,  millati, fuqaroligi,  yashash  joyi  (turgan  joyi),  tillarni  bilishi,  maʼlumoti, nikoh  holati,  bolalarining  soni,  uy  xoʻjaligi  tarkibi,  uy-joy sharoitlari,  bandligi,  yashash  uchun  mablagʻlar  manbalari  va    migratsiya (ichki va tashqi) kabi savollardan iborat.

      Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Aholini  roʻyxatga  olish  dasturiga  qoʻshimcha  ravishda  boshqa  savollar kiritilishi mumkin. Javoblari  davlat  sirlariga  va  qonun  bilan  qoʻriqlanadigan  boshqa sirga taalluqli axborotni oʻz ichiga olishi mumkin boʻlgan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi savollar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Roʻyxatga olish varagʻining shakllari Aholini roʻyxatga olish dasturi asosida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

      Shaxsga  doir  maʼlumotlarni  yigʻish  respondentlar  yashaydigan (turadigan)  turar  joylarni  va  boshqa  xonalarni  aylanib  chiqish  chogʻida yoxud  mahalliy  ijro  etuvchi  hokimiyat  organlari  tomonidan  ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar soʻrovini oʻtkazish hamda roʻyxatga olish varaqlarini toʻldirish orqali amalga oshiriladi. Shaxsga  doir  maʼlumotlarni  yigʻish  axborot  xavfsizligini taʼminlash  talablarini  hisobga  olgan  holda  axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Zafarobod tuman statistika boʻlimi