Ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Qo‘mitaning hududiy statistika organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududi shartli ravishda uy-joy ro‘yxatini tuzish uchastkalariga bo‘linadi, bunda uchastka chegaralari o‘rtacha 750 ta uy-joyni qamrab oladi.

Uy-joylar ro‘yxatini tuzuvchilar sonini shakllantirishda ko‘zda tutilmagan holatlarni (betoblik, baxtsiz hodisalar, yuklatilgan vazifalarni to‘liq bajarmaslik va boshqalar) hisobga olgan holda asosiy tarkibga qo‘shimcha ravishda ish haqi to‘lanmagan holda 5 foiz miqdorida zaxira kadrlar shakllantiriladi.

Har bir uy-joy ro‘yxatini tuzish uchastkalariga uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilar biriktiriladi. Uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilar faoliyatini tuman ro‘yxatga olish bo‘limi boshlig‘i nazorat qiladi.

Uy-joylar ro‘yxatini tuzuvchilar 2022 yil 1 avgustdan 1 sentyabrgacha bo‘lgan davrda maxsus o‘qitiladi hamda bino va uy-joylar ro‘yxatini tuzish uchun jalb etiladi.

Uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilar o‘z uchastkasini xatlovdan o‘tkazish davomida respondentlar yashaydigan (vaqtincha bo‘lib turgan) yoki yashashi mumkin bo‘lgan barcha binolar ro‘yxatini aniqlaydi, kartografik materiallarni tekshiradi, ularga tegishli belgi qo‘yadi va zarur hollarda o‘zgartirishlar kiritish uchun kadastr idoralariga taqdim etadi.

Uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilarni statistika organlari, uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari, kadastr idoralari va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari orasidan tanlab olish tuman va shahar hokimliklari tomonidan hududiy statistika organlari bilan birgalikda shartnoma asosida amalga oshiriladi.

 

 Axborot xizmati

O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasining Elektron interaktiv xizmatlar portaliga o'tish