04/06/2021

Davra suhbatida boshqarma boshlig’ining birinchi o’rinbosari D.Mulladjanov so’zga chiqib, o’z so’zida boshqarma xodimlariga Sobiq Ittifoq tarkibidagi respublikalarda milliy o’zlikni anglash, ona tiliga, madaniyat va tarixga, kelajakka yangicha qarash, insoniy huquq va erkinliklari uchun kurashish hissi o’tgan asrning 80-yillariga borib kuchaydi.

O’zbekistonda keng munozaralarga sabab bo’lgan muammolardan biri o’zbek tiliga davlat maqomini berish masalasi bo’ldi.

Bu muammoni tinch yo’l bilan qonuniy asosda hal etish yuzasidan boshlangan harakat qudratli tus olib, unda ziyolilar, talaba yoshlar, keng jamoatchilik faol ishtirok etdi. Rus tilining maqomi to’g’risidagi masala tevaragida qizg’in tortishuvlar bo’ldi – bu til ikkinchi davlat tili bo’lishi yoki millatlararo aloqa tili bo’lib qolishi kerakmi, degan masala hammani o’ziga jalb qilgan edi.

Bu masalani milliy o’zlikni anglab yetishdagi ahamiyatini teran anglagan O’zbekistonning yangi rahbari Islom Karimov katta jasorat bilan uni hal qilishga kirishdi. Natijada, 1989 yil 21-oktyabrda XI chaqiriq O’zbekiston SSR Oliy Sovetining XI sessiyasida O’zbekiston SSRning “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilindi. Qonunning 1-moddasi, 1-qismiga ko’ra, “O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat tili o’zbek tilidir” deb belgilab qo’yildi.

O’zbekiston SSRning “Davlat tili haqida”gi qonunining 4-moddasi, 1-qismida “O’zbekiston SSRda ishlovchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari o’z xizmat vazifalarini bajarish uchun respublika davlat tilini yetarli darajada bilishlari shart”. Qonunning 5-moddasi, 1-qismida “O’zbekiston SSR davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatida s’yezd, plenum, qurultoy, sessiya, konferensiya, majlis va kengashlar respublikaning davlat tilida olib boriladi va aynan tarjimasi ta’minlanadi” deyilgan.

XII chaqiriq O’zbekiston SSR Oliy Sovetining 1-sessiyasi muhim siyosiy-huquqiy hujjatni – O’zbekistonda Prezidentlik boshqaruvini ta’sis etish to’g’risidagi qarorni qabul qildi. Shunday qilib, O’zbekistonda Prezident lavozimi 1990 yil 24-martda ta’sis etildi. O’sha kuni O’zbekiston SSR Oliy Sovetining deputatlari Respublika Kompartiyasi Markaziy Qo’mitasining birinchi kotibi Islom Abdug’aniyevich Karimovni O’zbekiston SSRning birinchi Prezidenti etib sayladilar. SSR respublikalari ichida birinchi bo’lib prezidentlik boshqaruvi joriy etildi.

 O’zbekiston halqining manfaatlarini ko’zlab Islom Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilgan dastlabki siyosiy islohotlar Prezidentlik boshqaruvining o’z vaqtida ta’sis etilganidan dalolat beradi. 1990 yil 20-iyunda respublikamiz Oliy Soveti tomonidan qabul qilingan “Mustaqillik Deklaratsiyasi” shu yo’lda muhim qadam bo’ldi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 1991 yil 17-19 avgust kunlari “Hindiston Respublikasiga rasmiy tashrifi O’zbekiston Prezidentining xorijga qilgan birinchi mustaqil – tarixiy tashrifi edi”. Yurtboshimiz Hindistonda bo’lgan bir paytda – 19 avgust kuni o’zini “Davlat favqulodda holat qo’mitasi”, ya’ni GKChP deb atagan bir guruh siyosiy avantyuristlarning davlat to’ntarishini sodir etishga qaratilgan murojaati e’lon qilindi.

Afsuski, O’zbekiston rahbarining safarda ekanidan foydalanib, GKChPning noqonuniy qarorlarini qo’llab-quvvatlaydigan rahbarlar yurtimizda ham topildi. 

Prezident Islom Karimov GKChP e’lon qilinganini Agrada eshitib, 19 avgust kuni zudlik bilan Toshkentga qaytadi. Toshkent aeroportida Yurtboshimizni rasmiy kishilardan tashqari, Turkiston harbiy okrugi bosh qo’mondoni hamda Markazdan kelgan 3 nafar general kutib oladi. Bu o’sha paytdagi mavjud rasmiy protokol qoidalariga mutlaqo zid bo’lib, tagdor siyosiy ma’noga ega edi.

Islom Karimov aeroportdan to’g’ri hukumat binosiga kelib, kechqurun hukumat a’zolari bilan uchrashdi hamda O’zbekiston SSR hududida GKChPning qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko’rsatma berdi.

Mamlakatimiz rahbarining 1991 yil 31 avgustda, o’n ikkinchi chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida so’zlagan nutqi, ayniqsa, o’sha nutqdagi: “Men shu bugundan e’tiboran 1 sentyabrni respublikamizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman”, degan otashin so’zlari Vatanimiz tarixiga oltin harflar bilan manguga yozilgandir.

Prezidentimiz oradan 17 yil o’tganidan so’ng o’zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ana shu hayajonli voqeaga: “1991 yil 31 avgust sanasida qo’lga kiritilgan milliy mustaqillik – XX asrda xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan buyuk ma’naviy jasorat namunasidir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz”, deya yuksak baho berdi.

Xuddi o’sha kuni  Oliy Kengash O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida Bayonot qabul qildi. Bayonotda ta’kidlandiki, “Bundan buyon O’zbekiston Respublikasi hududida respublika Konstitutsiyasi va qonunlari shak-shubhasiz ustun deb e’tirof etiladi”.

Shu kuni “O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi.  

Ma'naviy va ma'rifiy ishlar bo'yicha ma'sul

Butunboyeva K