Jizzax viloyat statistika boshqarmasida “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasi va uning ustuvor maqsadlariga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.
Jizzax viloyat statistika boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda roʻyxatga olish maʼlumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini oʻrganishga bagʻishlangan oʻquv seminari tashkil etildi.
Seminarda ushbu tarixiy Farmon doirasida milliy statistika tizimini xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirish va raqamlashtirish boʻyicha belgilangan quyidagi asosiy maqsadlar batafsil tushuntirildi:
Roʻyxatga olish maʼlumotlari: Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari asosida ijtimoiy-iqtisodiy hamda qishloq xoʻjaligi statistikasini yanada takomillashtirish;
Kelgusi 5 yillik strategiya: Milliy statistika tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan strategik yoʻnalishlarni amaliyotga joriy etish;
Hisobot yukini kamaytirish: 2030-yilga qadar tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etiladigan hisobot yukini 20 foizga qisqartirish;
Maʼlumotlar manbasini kengaytirish: Rasmiy statistikani shakllantirishda foydalaniladigan maʼmuriy va muqobil maʼlumotlar manbalari sonini 2030-yilga qadar 1,7 baravarga oshirish;
Sunʼiy intellekt texnologiyalari: Kelgusi 5 yilda sunʼiy intellektni joriy etish orqali maʼlumotlarga ishlov berish muddatini 20 foizga qisqartirish hamda bir maʼlumot xarajatini 25 foizga maqbullashtirish;
Yirik kuzatuvlar: Oʻzbekiston Respublikasi hududida 2026–2027-yillarda biznesni roʻyxatga olishni tashkil etish hamda multiindikator klaster kuzatuvlarining (MICS) 7-raundini muvaffaqiyatli oʻtkazish.
Seminar yakunida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda Farmonda belgilangan ustuvor vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.



