09/09/2021

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning tashkiliy rejasi (keyingi o‘rinlarda — tashkiliy reja) hududiy komissiyalar tomonidan tumanlar (shaharlar), Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida tuziladi.

Ro‘yxatga olish uchastkalarining chegaralari har bir ro‘yxatga olish uchastkasiga to‘g‘ri keladigan yuklamani (qishloq joylarda o‘rtacha 8 750 kishi va shaharlarda o‘rtacha 11 250 kishi) hisobga olgan holda ma’muriy-hududiy bo‘linish yaxlitligini (tuman yoki shahar darajasida) saqlash sharti bilan belgilanadi.

Ro‘yxatga olish uchastkalari har bir instruktorga to‘g‘ri keladigan yuklamani (qishloq joylarda o‘rtacha 1 750 kishi va shaharlarda o‘rtacha 2 250 kishi) va aholi punktidagi aholi zichligini hisobga olgan holda instruktorlik uchastkalariga bo‘linadi.

Instruktorlik uchastkalari har bir ro‘yxatga oluvchiga to‘g‘ri keladigan yuklamadan (qishloq joylarda o‘rtacha 350 kishi va shaharlarda o‘rtacha 450 kishi) kelib chiqib hisob uchastkalariga bo‘linadi.

Hududiy komissiyalar va respublika komissiyasi qaroriga asosan borish qiyin bo‘lgan va olis hududlarda hisob uchastkasidagi aholining soni o‘rtacha 250 nafardan iborat bo‘lishi mezon sifatida olinadi.

Ayrim hollarda uchastkalarni tuzishda ro‘yxatga oluvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha yuklama belgilangan normalardan kam yoki ko‘p bo‘lishi mumkin.

Hisob uchastkasi, instruktorlik va ro‘yxatga olish uchastkalari sonidan kelib chiqib ro‘yxatga olish jarayonlariga vaqtincha jalb etiladigan xodimlar soni aniqlanadi.

Tashkiliy rejani tuzishda ko‘zda tutilmagan holatlarni (betoblik, baxtsiz hodisalar, yuklatilgan vazifalarni to‘liq bajarmaslik va boshqalar) hisobga olgan holda hisob uchastkasi, instruktorlik va ro‘yxatga olish uchastkalariga vaqtincha jalb etiladigan xodimlar umumiy sonining 10 (o‘n) foizi miqdorida ish haqi to‘lanmagan holda kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

Ko‘zda tutilmagan holatlar yuzaga kelganda ro‘yxatga olish jarayonlariga zaxiradan jalb etilgan xodimlarga belgilangan tartibda ish haqi to‘lanadi.

Tuman va shaharlar bo‘yicha tayyorlangan tashkiliy rejalar tuman va shaharlar hokimliklari huzuridagi hududiy komissiyalar tomonidan tasdiqlanadi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalariga taqdim etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha tayyorlangan tashkiliy rejalar hududiy komissiyalar tomonidan tasdiqlanadi va Qo‘mitaga taqdim etiladi.

Hududlar bo‘yicha tuzilgan va tasdiqlangan tashkiliy rejalar umumlashtirilgan holda tasdiqlash uchun respublika komissiyasiga kiritiladi.

 

Arnasoy tuman statistika bo‘limi

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech