23/07/2021

Xalqaro statistika kongressi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti barcha davlatlarga davriy ravishda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishni tavsiya etadi. Mazkur tavsiyalarga ko‘ra davlatlar har 10 yilda kamida bir marotaba aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazadi.

BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining 2015 yil
10 iyundagi “2020 yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturi” Rezolyutsiyasida a’zo davlatlarni 2015 yildan 2024 yilgacha kamida bir marotaba “Aholi ro‘yxatga olish”ni o‘tkazishga da’vat etadi.

Aholini ro‘yxatga olish tadbiri keng qamrovli tadbir bo‘lib, mamlakatda yashovchi barcha aholiga oid bo‘lgan demografik va  ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona jarayoni bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi.

Aholini ro‘yxatga olish – davriy oraliqda mamlakat hududidagi va uning kichik aholi punktlaridagi aholining rasmiy hisobga olish bo‘lib, barcha aholining ijtimoiy va demografik tavsiflari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish hisoblanadi.

Bu tadbir kishilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va umumlashtirish jarayonlarini, shuningdek demografik, ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlarni baholash, e’lon qilish va tahlil qilishni o‘z ichiga oladi.

Aholini ro‘yxatga olish qonunida quyidagilar inobatga olinishi tavsiya etiladi:

aholini ro‘yxatga olishning davriyligini o‘rnatish;

aholini ro‘yxatga olishning moliyaviy ta’minlash;

aholini ro‘yxatga olishda respondentlarning huquqlari va majburiyatlari;

aholini ro‘yxatga olish ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlarini tartibga solish;

aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning tamoyillarini aniqlash;

aholini ro‘yxatga olish usullari va hudud qamrovi;

ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash masalalari.

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy tavsiflari quyidagilar hisoblanadi:

individual hisobga olish – ro‘yxatga olishda har bir kishi bo‘yicha ma’lumotlar alohida hisobga olinadi. Bu esa turli tavsiflar bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish imkonini beradi;

ma’lum bir vaqtda o‘tkazish – aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir aniq va yagona hisob vaqtida ma’lumotlar yig‘iladi;

umumiylik – aholini ro‘yxatga olish mamlakatning barcha hududi bo‘yicha aniq vaqtda barcha aholi, uy xo‘jaliklari va uy-joylar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkonini beradi;

kichik aholi punktlari bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ish – aholini ro‘yxatga olish eng kichik aholi punktlari bo‘yicha aholi soni va tavsiflari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkonini beradi;

aholini ro‘yxatga olishning davriyligi o‘rnatilganligi (muntazam o‘tkazilishi) – aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqqoslanishini ta’minlash maqsadida davriy ravishda o‘tkaziladi. Odatda har 10 yilda kamida bir marotaba o‘tkazish tavsiya etiladi.

G‘allaorol tuman statistika bo‘limi   

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech