1968 – 1969 yillarda qish juda qattiq keldi. Qahraton sovuq 40-50 sm. bo‘lib yoqqan qorlarning erishiga yo‘l qo‘ymadi.

Selsiy bo‘yicha ko‘rsatkich 25-30 daraja sovuqqa yetganda qorning qalinligi 60-70 sm.ga yetdi. Odamlar ayniqsa, chorvasi ko‘p xo‘jaliklar sarosimaga tushib qoladi. Forish tuman rahbarlari qo‘shni tuman rahbarlari bilan bog‘lanib, amaliy yordam so‘rab murojaat qilishadi. Tez fursatlarda buldozer va 2 ta zanjirli traktorlar yem-xashakka to‘ldirilib, yordamga yetib kelishadi. Qishning avji sovug‘i mart oyining 15-20 sanalariga qadar davom etardi. Navro‘z bayrami arafasida janubdan iliq havo epkinlari esa boshlagach qorlar issiq qozonga sariq yog‘ni solganday jadal eriy boshlaydi. «Kaftday» jilg‘a oquvchi joydan «bir quloq» suv oqardi. Qish bo‘yi muzlagan yer buncha ko‘p suvni o‘ziga singdira olmaydi. Daryolarning, suv omborlarining suv satxi sezilarli darajda ko‘tariladi. Bu paytda aholini toshqin xavfidan asrash maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat rahbarlari kelishib, «Chordara» suv omboridagi ortiqcha suvni «Qizilqum» cho‘lidagi «Aydar» botig‘iga yo‘naltirishga qaror qilishadi.
Davrining tajribali cho‘ponlaridan bo‘lgan Borli aka Quvonov Aydar ko‘lining paydo bo‘lishi haqida quyidagicha xotirlagandi.
- «Aydar» botig‘ining atrofida tumanimizning qo‘y-echkilari boqilardi. Bir kuni qo‘ra-qo‘tonlarimiz ustidan ikki qanotli samoliyot pastlab uchib, bir to‘p xat tashlab o‘tadi. Xatni o‘qib ko‘rsak, odamlar zudlik bilan chorva mollarini «Aydar» botig‘idan olib ketish va xavfsiz hududga ko‘chish haqida ogohlantirilgan ekan. Xatda yozilishicha katta suv kelayotgan emish.
Ertasi kuni qo‘shni cho‘pon to‘yga aytdi. 3-4 kishi bo‘lib to‘yga otlandik. Tushdan keyin to‘ydan qaytsak, bir katta ariq bo‘lib oqayotgan suv ot-ulovlarimizning qorniga yetib qolibdi. Ertasi kuni esa, suv go‘yoki daryoday kengayib ketibdi. To‘satdan samolyot tashlab ketgan xat yodimizga tushib, tezda chorvani «Aydar» botig‘idan olib chiqish choralarini ko‘rdik. «Qizilcha» yaylovlaridan chiqib, 15 kun deganda bola-chaqamiz bilan To‘liboy qishlog‘iga yetib keldik.
Xullas 1969 yilning bahori odamlarning xotirasida «Aydarko‘l» paydo bo‘lishi bilan bog‘liq holda saqlanib qoldi.

 

Jizzax viloyat hokimligi axborot xizmati

 

 

 

O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasining Elektron interaktiv xizmatlar portaliga o'tish