Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘plashning eng samarali usuli aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, 2023 yilda mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

            Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining 2015 yildagi rezolyutsiyasiga asosan a’zo davlatlarga har o‘n yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish amaliyotini o‘tkazishni tavsiya etadi. Xo‘sh, bu bizga nima beradi? Birinchi navbatda, respublika aholisi va uning turmush sharoiti to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar aynan aholini ro‘yxatga olish orqali shakllantiriladi. Masalan, Farg‘onada necha kishi ishsiz? Andijonda nechta oila uy-joyga muhtoj? Sirdaryoda yana nechta ta’lim muassasasi qurish lozim? Qashqadaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi va hokazo. Aholini ro‘yxatga olish amaliyoti shu kabi ko‘plab savollarga javob, muammolarga yechim topish imkonini yaratadi.

— Ko‘pchilik insonlar aholini ro‘yxatga olish amaliyotini statistik ma’lumotlar to‘plash tadbirlarining bir ko‘rinishi, deb tushunadi. Ammo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining ma’lum bir vaqtdagi fotosuratini ko‘rish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi, — dedi Davlat statistika qo‘mitasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarma boshlig‘i Qobil Berdiqulov. — Mazkur davlat darajasidagi keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadigan tadbirni o‘tkazish uchun xalqaro talablarga muvofiq 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi. Ushbu amaliyot mustaqillik yillarida respublikamizda ilk bor o‘tkazilayotganini inobatga olib, uni tashkil etishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2020 yil    11 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatimizda aholini ro‘yxatga olish 2023 yil 1—25 noyabr kunlari amalga oshiriladi.

Sinov hududlari tanlab olingan

         Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Prezident farmoni bilan tasdiqlangan, tarkibi bir qator vazirlik va idoralardan iborat Respublika komissiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy komissiyalar ish olib boradi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jarayonga 150 mingdan ortiq xodimlar jalb qilinishi rejalashtirilgan. 

         Aholini ro‘yxatga olish ishlari uchta bosqichdan iborat bo‘lib, belgilangan amaliyotga kirishulgunga qadar 2020—2023 yillarni o‘z ichiga oluvchi tayyorgarlik jarayonlari olib boriladi. Qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida 2021 yilda sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish Dasturiga ko‘ra, 2021 yilning 1—25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanlarida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshiriladi. Bunda aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish jarayonlari, ro‘yxatga olish usullari, dasturi, savolnomalari, uslubiy qo‘llanma hamda me’yoriy-huquqiy hujjatlari amaliy sinovdan o‘tkaziladi. Natijalar asosida aniqlanadigan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

         — Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala aholi o‘rtasida ro‘yxatga olishda faol ishtirok etish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish hisoblanadi, — dedi Qobil Berdiqulov. — Shu maqsadda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan tadbirning shiori va logotipi ishlab chiqilib, aholini ro‘yxatga olishning rasmiy veb-sayti (aholi.stat.uz) yaratildi. Bu borada ro‘yxatga oluvchilarni tanlash va o‘qitish masalasi ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Chunki ma’lumotlarning to‘g‘riligi bevosita ularning malaka va amaliy ko‘nikmalariga bog‘liq. Shu bois, jarayonga jalb etiladigan xodimlar Davlat statistika qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan reja-jadval asosida maxsus o‘qitiladi. Ular uchun uslubiy qo‘llanma va videodarsliklar ishlab chiqilib, zarur hollarda, qo‘shimcha maslahatlar beriladi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos
va sifatli o‘tkazishda kartografik materiallarning aniqligi
ham muhim hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari) bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi. Aholi punktlari va ko‘chalarning nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Milliy gvardiya va ichki ishlar organlariga esa aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb etiladigan xodimlar xavfsizligini ta’minlash topshirildi.

Qachon, qanday shaklda o‘tkaziladi?

Tayyorgarlik bosqichi aniq va sifatli yakuniga yetkazilgach, 2023 yilning noyabr oyida aholini ro‘yxatga olish ishlari boshlanadi. Qaror bilan belgilangan Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibiga ko‘ra, ro‘yxatga olish ishlari ikki xil usulda — qog‘oz shakli hamda internet tarmog‘i orqali amalga oshiriladi.

Birinchi usulda ro‘yxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib, so‘rov o‘tkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiradi. Bunda ro‘yxatga olish ishlari besh xil shakldagi so‘rovnomalar — turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro‘yxati, shaxsga oid savolnoma, O‘zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma, aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma hamda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi berish asosida o‘tkaziladi.

So‘rovnomalar asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, ta’lim darajasi, uy xo‘jaligi a’zolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat bo‘ladi. Yashab turgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish ularning o‘zlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi ro‘yxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.

Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.

— Aholini ro‘yxatga olishning birlamchi ma’lumotlari hududiy statistika boshqarmalari huzurida tashkil etiladigan markazlarda maxsus dasturiy ta’minot asosida 2024 yil 1 yanvardan 31 dekabrga qadar operatorlar tomonidan elektron bazaga kiritiladi, — dedi Qobil Berdiqulov. — Ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yig‘ma ro‘yxatlar natijalari asosida shahar va qishloqlar, shu jumladan, erkaklar va ayollar bo‘yicha aholi soni to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar esa 2024 yil 1 martga qadar tayyorlanadi. Aholini ro‘yxatga olishning elektron ma’lumotlar bazasi 2025 yil 1 dekabrgacha tahlil etiladi va yakuniy ma’lumotlar respublika hamda hududlar bo‘yicha shakllantirilib, rasman e’lon qilinadi.

Mazkur vazifalarning bari tizimli tarzda amalga oshirilgani holda, ro‘yxatga olish orqali respublika aholisi va uning farovonligi to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar to‘planadi. Ular aholi soni, tarkibi va taqsimlanishi bo‘yicha to‘liq bazani shakllantirish bilan birga, Milliy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish, ularda foydalaniladigan demografik o‘zgarishlar tendensiyalari, mehnat resurslari joylashuvi hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda qo‘l keladi.

 

Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish bo'limi

 

 

O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasining Elektron interaktiv xizmatlar portaliga o'tish