Welcome to Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

Davlat va xo`jalik boshqaruvi idoralarini belgilash tizimi idoraviy statistik ma`lumotnomasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida


Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog’i  kuyadigan Arnasoy cho’llari o’tgan asrning yetmishinchi yillarida o’zlashtirila boshlandi. Cho’l o’rnida yangi bo’ston barpo bo’ldi. Mustaqillikdan so’ng viloyatning kenja tumanida zamonaviy uy-joylar, ta’lim, madaniyat, san’at dargohlari qurila boshlandi.

Bugun tuman markaziga yo’lingiz tushsa, bu yerda olib borilayotgan keng qamrovli bunyodkorlik ishlariga guvoh bo’lasiz. "Ilg’or hudud", "Obod markaz", "Obod qishloq" Davlat dasturlari va 2019-2020 yillarga mo’ljallangan investitsiya loyihasi asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari izchil olib borilmoqda. Tuman gaz ta’minoti, elektr tarmoqlari korxonasi, telekommunikatsiya bog’lanmasi, "Barkamol avlod" bolalar markazi binosi, "Rahmon" jome masjidi, madaniyat saroyi binosida joriy va kapital ta’mirlash ishlari olib borilayapti. Tuman prokuraturasi binosiga bitta qo’shimcha nazorat o’tkazish punkti qurildi.

150 o’rinli "Elnoza" nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi, mehmonxona kompleksi, yoshlar guzari, kutubxona, kitob, savdo do’konlari, 100 o’rinli tikuvchilik sexi, ichki ishlar binosi, prokuratura va majburiy ijro byurosi, davlat xizmatlari va bandlikka ko’maklashish markazlari, 1 ta 4-qavatli uy, "Toza hudud" DUK filiali, avtobekat, avtomobillarga yoqilg’i quyish, ovqatlanish shoxobchalari va servis xizmati ko’rsatuvchi jami 30 ta yangi qurilayotgan ob’yektlarda ish qizg’in. Obodonlashtirish ishlariga 500 nafar ishchi, 37 ta texnika jalb etilgan.

Hududdagi 41 ta ko’p qavatli uyning tom qismi yangilandi. Kirish yo’laklari, fasad qismi ta’mirlandi. 15 ta uyning devorlariga rang berildi. 828 ta deraza romlari zamonaviy akfa romlariga almashtirildi. 4 ta ko’p qavatli uyga ichimlik suvi quvurlari tortilib, oqava suv tarmoqlariga  ulandi. Ko’p qavatli uylar yaqinida 8 ta tandirxona qurilayapti.

5-sonli "Navro’z" maktabgacha ta’lim muassasasi, 1-, 2-, 5-, 8-, 10-, 20-, 22-maktablar, tuman tibbiyot birlashmasi, bolalar-o’smirlar sport maktabi binosi va boshqa ijtimoiy soha ob’yektlarini ta’mirlash ishlariga respublika byudjetidan 4 milliard so’m mablag’ ajratildi.

Tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 18 kilometrlik quvur yotqizilmoqda. «Arnasoy» shaharcha fuqarolar yig’ini hamda "Oltin vodiy" qishloq fuqarolar yig’ini hududiga 1200 p/m yangi gaz quvuri tortildi. 572 p/m gaz quvuri demontaj, 1212 p/m tarmoq ta’mirlandi. Toshkent, Amir Temur, Ibn Sino ko’chalaridagi gaz taqsimlash uskunalari yangisiga almashtirildi.

12950 metr yopiq kabelь, 5385 metr ochiq elektr simlari tortildi. «Bobur», «Oltin vodiy»,  G’afur G’ulom, «Arnasoy» shaharcha va mahalla fuqarolar yig’inlari hududidagi ko’chalarga 5 ta transformator,  239 ta temir-beton ustunlar o’rnatilib, 60 ta eskirgan elektr tayanch ustunlar olib tashlandi. «4R-198» Do’stlik-Oltin vodiy Zafarobod-Gagarin avtomobilь yo’lining 3 kilometriga 450 ta lotok, 25 ta tungi yoritish chiroqlari o’rnatildi. Piyodalar yo’lakchasiga 760 ta beton plita yotqizildi. «4 K-225» avtomobilь yo’lining bir kilometriga 40 ta lotok, 25 ta tungi chiroqlar o’rnatildi.

Loyihaga ko’ra tuman markazining 7 kilometrlik ichki yo’llarini ta’mirlash, 3,5 kilometr piyodalar yo’lakchasini qurish rejalashtirilgan. Ko’cha va yo’laklar atrofiga manzarali va mevali daraxt ko’chatlari ekildi. "Obod qishloq" Davlat dasturi doirasida tumandagi "Cho’lquvar", "Zarafshon", "Do’stlik" qishloq fuqarolar yig’inida ham bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

 ISTIQBOLLI LOYIHALAR

Prezidentimiz joriy yilning 30-31 yanvarь kunlari viloyatimizga tashrifi chog’ida Arnasoy tumanida 2019-2020 yillarga mo’ljallangan 32 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo’yicha topshiriq bergan edi. Dasturga muvofiq 352 milliard 96 million so’mlik mablag’ o’zlashtirilib, 2382 ta yangi ish o’rinlari yaratilishi belgilangan.

Istiqbolli loyihalardan biri — hududda Vьyetnam tajribasi asosida "MTT Sea Food" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan baliqchilik xo’jaligi tashkil etilayapti. 2,7 million AQSh dollari qiymatidagi loyihada baliq  yemi ishlab chiqarish ko’zda tutilgan. Ayni paytda uskuna-jihozlarni o’rnatish ishlari yakuniga yetib qoldi. Korxona ishga tushgach, 40 nafar mahalliy yoshlarning bandligi ta’minlanadi.

"Aydar-Arnasoy" baliqchilik direksiyasi tomonidan baliq yetishtirishni tashkil etish maqsadida 26 milliard so’mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Unga ko’ra  inkubatsiya sexlari, baliq chovoqlarini  yetishtirish uchun havzalar tashkil etish maqsadida direksiya ixtiyoriga 450 gektar yer maydoni ajratildi. Boshqaruv moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 2 ta kater va boshqa kerakli texnika vositalari bilan ta’minlandi. Hozirda baliq chovoqlari uchun reproduktor (parvarishxona)lar, sun’iy suv havzasi tashkil qilinmoqda.

 «ARNASOY GOLD TEKS» YoRLIG’I BILAN

Loyiha quvvati 51 milliard so’mni tashkil etgan "ARNASOY GOLD TEKS" mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham ish qizg’in. Eksportbop yuqori sifatli mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ishga tushgach, 1000 nafar qishloq xotin-qizlari ish bilan ta’minlanadi. Korxonada yiliga 50 million AQSh dollari miqdorida mahsulot ishlab chiqariladi. "ZARIN" (Xitoy), "SIKUPA"(Tailand) va boshqa mashhur kompaniya va firmalarning 450 ta tikuv dastgohlari olib kelinib, o’rnatilmoqda. Tayyor mahsulotlar Turkiya, Rossiya, Germaniya va Osiyoning bir qator davlatlariga eksport qilinadi. 

EKSPORT HAJMI ORTADI

Tumanning "Zarafshon" fermer xo’jaliklari hududiy uyushmasidagi "Oltin yulduzli uzumzor"  fermer xo’jaligining 100 gektar maydoniga tok ko’chatlari ekilgan. Bog’dorchilik,  vinobop uzum navlarini rivojlantirish loyihaning asosiy maqsadi.  Ahamiyatli tomoni ekilgan ko’chatlar  uchinchi yilda hosilga kiradi. Uzumzorda oraliq ekinlar pomidor, bodring, oshqovoq, loviya, qovun, tarvuz ham parvarish qilinayapti.

Shu hududda "Arnasoy Beg Agro" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham faoliyat ko’rsatmoqda. Jamiyat a’zolari 400 gektar maydonga eksportbop yeryong’oq navini ekishgan. Sentyabrь oyida   pishib yetilgan hosil asosan Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi. Shuningdek, uch turdagi qovun navi ham yuz foiz eksportga yo’naltirilishi rejalashtirilgan.

Xullas,  Arnasoy yaqin kunlarda yurtimizning eng ko’rkam maskanlaridan biriga aylanadi. Inson aql-zakovati bilan yaratilayotgan bu go’zallik qalblarda ezgu hislarni uyg’otib, yaxshi yashashga, ertangi kunga ishonch, odamlar ongida shu yurtga bo’lgan muhabbat tuyg’usini yanada oshiradi.

Tugmani bosing Tinglash