Welcome to Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

Hurmatli foydalanuvchilar, Sizlarni Davlat statistika qo`mitasi tomonidan joriy yilning 1 sentyabridan 30 noyabrigacha “Taqdim qilinayotgan statistik ma`lumotlarning sifatidan foydalanuvchilarning qoniqish darajasini baholash” bo`yicha o`tkazilayotgan so`rovnomada, savolnomani to`ldirish asosida ishtirok etishga taklif qilamiz. So`rovnomaga o`tish>>>


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy toʻsiqlardan biridir. Tahlillarga koʻra, bu illat jahon iqtisodiyotiga har yili oʻrtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.

Mamlakatimiz ham muammodan xalos boʻlmagan. Dunyodagi korrupsiya darajasini oʻrganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida Oʻzbekiston oxirgi uch yilda 12 pogʻonaga koʻtarilgan boʻlsa-da, hali bu illat barham topmagan.

Yurtdoshlarimizning fikricha, sogʻliqni saqlash, taʼlim, bank, bojxona, sud, prokuratura, ichki ishlar, kommunal xizmat sohalarida, shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilishda korrupsiya keng tarqalgan.

Misol uchun, tahlillarga koʻra, sogʻliqni saqlash tizimidagi xarajatlarning 25-30 foizi samarasiz sarflanmoqda. Koʻplab sohalarda davlat xaridlarini amalga oshirish tizimi ochiq-oshkora emas.

Davlatimiz rahbari yaqinda Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnomada korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan koʻra barvaqt oldini olishga oʻtish kerakligini taʼkidlab, unga qarshi kurashishga masʼul boʻladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi.

Bugungi yigʻilishda ushbu yangi tuzilmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Korrupsiya darajasi yuqori boʻlgan sohalarda bu illatdan qutulish boʻyicha dastur ishlab chiqib, ijrosini tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yoʻli davlat organlari faoliyati va ish jarayonlarini shaffof qilishdir. Bunda eng asosiy eʼtiborni ishga olish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni taʼminlashga qaratish lozimligi belgilandi.

Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda vazirlik, kompaniya va hokimliklarda ichki korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi “komplayens nazorat” tizimini joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, davlat xizmatchilari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tiziminining barcha tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqib, amaliyotga kiritish shartligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tuzilmani tashkil etishga doir hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi. Mazkur tuzilma nafaqat bu borada davlat siyosatini amalga oshirishi va muvofiqlashtirishi, balki korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha kuch va vositalarga ega boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Ushbu illatga qarshi kurashishdagi yana bir muhim vositalardan biri – jamoatchilik nazorati.

Bugungi kunda yurtimizda 10 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Lekin ularning oʻrni va faolligi sezilmayapti. Chunki bu tashkilotlar manfaatlarini ifoda etuvchi, davlat bilan koʻprik vazifasini bajaruvchi yaxlit tizim yoʻq.

Hozirda jamoatchilik bilan ishlash tizimi joylarda va sohalarda xalqimizni qiynayotgan masalalarni davlat miqyosiga olib chiqib, hal qilishda natija koʻrsata olmayapti. Koʻp nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati rasmiyatchilikdan iborat boʻlib qolmoqda.

“Mahalla”, “Nuroniy”, Xotin-qizlar qoʻmitasi kabi yirik birlashmalardan xalqimiz qanday naf koʻryapti, ular hayotimizdagi qaysi oʻtkir masalani koʻtarib, hal qilishga erishdi, degan savolga, afsuski, ijobiy javob yoʻq.

Shu bois Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlik oʻrnatish maqsadida Jamoatchilik palatasi tashkil etish taklifini ham bildirgan edi.

Bugun yigʻilishda ushbu palataning asosiy vazifalari, tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.

Jamoatchilik palatasi aholi fikrini muntazam ravishda oʻrganib borishi, ularning yechimini topish boʻyicha davlat idoralari oldiga aniq vazifalarni qoʻyishi zarurligi taʼkidlandi. “Jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik monitoringi”, “jamoatchilik ekspertizasi”, “jamoatchilik tashabbusi” kabi taʼsirchan nazorat shakllarini hayotga tatbiq etish muhimligi koʻrsatib oʻtildi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat idoralari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini jonlantirish, ularga har tomonlama uslubiy koʻmak berish ham yangi palata faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan boʻladi.

Shu kabi vazifalardan kelib chiqib, Jamoatchilik palatasining tashkiliy-huquqiy asosini yaratish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish boʻyicha 2020-2021-yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini takomillashtirish, jamiyat hayotiga oid muammolarni oʻrganish va samarali hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga grantlar ajratish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

O'zA  

 

Tugmani bosing Tinglash