Welcome to Statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

Davlat va xo`jalik boshqaruvi idoralarini belgilash tizimi idoraviy statistik ma`lumotnomasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida


O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 avgust kuni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish va ulardan samarali foydalanish, investitsiyalarni, avvalo, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o’zlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko’lamini kengaytirish masalalariga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishi o’tkazildi.
Davlatimiz rahbari bu masalalarga alohida e’tibor qaratib, doimiy muhokama qilib bormoqda. Ushbu sohalarga doir hujjatlar qabul qilinib, zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 dekabrdagi “Eksportga ko’maklashish va uni rag’batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaroriga muvofiq, Eksportni qo’llab-quvvatlash milliy tizimi yaratildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni rag’batlantirish agentligi tashkil etildi. Shuningdek, 205 nomdagi tovarlarni eksport qilishda transport xarajatlarining 50 foizini qoplab berish yo’lga qo’yildi.
Bunday real, amaliy chora-tadbirlar albatta o’z samarasini bermoqda. Eksport bilan shug’ullanadigan sub’yektlar safiga 2 mingta yangi korxona qo’shildi, eksport geografiyasi 42 ta davlatga kengaydi, 59 turdagi mahsulot birinchi marta eksportga yo’naltirildi.
Joriy yilning yetti oyida tovarlar va xizmatlar eksporti 7 milliard 331 million dollarni tashkil etgan, bu o’tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foiz ko’pdir.
Yig’ilishda “O’zto’qimachiliksanoati” uyushmasi, “O’zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi hamda Toshkent shahri, Farg’ona, Andijon va Toshkent viloyatlarida eksportni ko’paytirish bo’yicha mavjud imkoniyatlardan to’liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Mutasaddi rahbarlar eksportyorlarning muammolari bilan tizimli shug’ullanmayotgani, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlarni tadbirkorlarga yetkazib, ularning tashqi bozorga chiqishiga ko’maklashmayotgani tanqid qilindi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri boshchiligida tashkil etilgan Hududlar va tarmoqlarning eksport salohiyatini oshirish bo’yicha Respublika komissiyasi korxonalar vakillari va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o’tkazib, ularni eksport faoliyatiga jalb qilishi, bu boradagi muammolarini hal etish, xalqaro standartlarni joriy qilish va sertifikatsiyadan o’tkazish bo’yicha yordam berishi zarurligi ta’kidlandi.
– Eksport imkoniyatlarimiz ko’p. Xususan, paxta tolasi va meva-sabzavotni qayta ishlab, eksportbop mahsulotlar chiqarish mamlakatimizning rivojlanish nuqtalaridan biri bo’lishi kerak. Shu orqali eksportni ko’paytiramiz va yangi ish o’rinlariga ega bo’lamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo’jaligi mahsulotlari butun dunyoda qadrlanadi. Bu tayyor “brend” eksport uchun katta imkoniyatdir.
Prezidentimizning shu yil 29 iyulь kuni qabul qilingan “Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori mazkur imkoniyatdan samarali foydalanish, agrar sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan.
Unga ko’ra, 2019-2021 yillarda umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo’lgan 45 ta agrologistika kompleksi, qayta ishlash bo’yicha 205 ta yangi quvvat, 36 ming gektar intensiv bog’ tashkil etish rejalashtirilgan.
Yig’ilishda shu boradagi ishlarning ijrosiga ham to’xtalib o’tildi. Belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarish va buning hisobiga meva-sabzavot eksportini 2021 yilda 2 barobar oshirish zarurligi ta’kidlandi. Takroriy maydonlarga eksportbop ekinlar ekish, ayniqsa, dukkakli mahsulotlarni eksportga ko’proq chiqarish muhimligi qayd etildi.
Xorijga tashriflar hamda xalqaro ko’rgazmalar doirasida imzolangan eksport shartnomalarining bajarilishi, oktyabrь oyida “O’zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomli xalqaro ko’rgazma o’tkazilishiga oid masalalarga ham e’tibor qaratildi.
Eksportyorlarning xorijdagi savdo uylari ustav kapitali miqdorini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Investitsiya iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchidir. Mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilib, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to’g’ridan-to’g’ri xorijiy sarmoyalar yo’naltirilayotgani natijasida ko’plab loyihalar amalga oshirilmoqda.
Masalan, joriy yilning birinchi yarmida 85 trillion 775 milliard so’m investitsiya o’zlashtirilgan, bu o’tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko’pdir. Asosiy kapitalda to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar ulushi 2,5 barobar oshib, 1,7 milliard dollarga yetgan. Davlat kafolati bo’lmagan xorijiy kreditlar esa 3,7 barobar ko’paygan. O’zlashtirilgan to’g’ridan-to’g’ri xorijiy sarmoyalarning qariyb 75 foizi hududiy loyihalarga to’g’ri kelmoqda.
Bu ko’rsatkichlar qayd etilar ekan, endi asosiy e’tiborni yilning qolgan davrida ko’zda tutilgan investitsiyalarni to’liq o’zlashtirishga qaratish zarurligi ta’kidlandi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni o’zlashtirish sust kechayotgan tarmoqlar rahbarlari mavjud holat sabablari va bu boradagi ishlarni jadallashtirish rejalari to’g’risida hisobot berdi.
Vazirlar Mahkamasiga 2019 yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo’lgan 145 ta loyiha bo’yicha sanoat ob’yektlarini muddatida ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar berildi. “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid va azot kislotasi ishlab chiqarish, Muborak gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni kengaytirish, To’raqo’rg’on, Taxiatosh va Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida yangi bug’-gaz uskunalarini o’rnatish, Toshkent metallurgiya zavodini qurish loyihalari shular jumlasidandir.
Tahlillarga ko’ra, oxirgi o’n yilda ishga tushirilgan 40 ga yaqin yirik korxona quvvatlaridan to’liq foydalanilmayapti.
Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilgan korxona va ob’yektlar faoliyatini tahlil qilib, kam quvvatda ishlayotganlarini loyiha parametrlariga olib chiqish bo’yicha ko’rsatmalar berildi.
Yig’ilishda 2020-2022 yillarga mo’ljallangan Investitsiya dasturini shakllantirish masalasi ham muhokama qilindi. Ushbu dasturga, avvalo, oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan 650 ga yaqin kelishuvlarga muvofiq ishlab chiqilgan aniq loyihalarni, shuningdek, neftь-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, muqobil energetika, mashinasozlik, elektr texnikasi, qurilish materiallari, agrosanoat kabi yuqori texnologiyali tarmoqlardagi loyihalarni kiritish zarurligi qayd etildi.
Videoselektor yig’ilishida yana bir muhim soha – mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi atroflicha tahlil qilindi.
Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo’shimcha qiymat yaratish va import o’rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish iqtisodiyot barqarorligining muhim omilidir. Shu bois mamlakatimizda mahalliylashtirishni rivojlantirish, korxonalar o’rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga zarur sharoit yaratilmoqda. Lekin ayrim tarmoq hamda hududlarda mahalliylashtirish bo’yicha ishlar o’z holiga tashlab qo’yilgani tanqid qilindi.
– Shuncha sharoit yaratyapmiz, texnologiyalar olib kelyapmiz. Joylardagi rahbarlar esa o’zini qiynamay, mahalliylashtirish ustida ishlash o’rniga osongina import qilishga o’rgangan, – dedi Prezidentimiz.
Yurtimizda molibdenning 1,1 foizi, tabiiy gazning 12 foizi, ruxning 21 foizi, misning 25 foizi, meva-sabzavotlarning 20 foizi, ip-kalavaning 46 foizi qayta ishlanmoqda, xolos. Agar bu xomashyolar chuqur qayta ishlansa, qo’shimcha qiymatni 5 barobargacha oshirish mumkinligi qayd etildi.
Vazirlar Mahkamasiga barcha tarmoq va hududlar korxonalarida mahalliylashtirilgan tovar ishlab chiqarish hajmini kelgusi ikki yilda kamida 20 foizga oshirish, import ulushi yuqori bo’lgan tovarlarni mahalliylashtirish bo’yicha dastur tayyorlash vazifasi qo’yildi.
Hisob palatasi tarkibida mahalliylashtirishni kengaytirish masalalarini tahlil qiladigan bo’linma tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Videoselektor yig’ilishida tarmoqlar hamda hududlar rahbarlarining hisobot va takliflari eshitildi.

O’zA

 

Tugmani bosing Tinglash