11/06/2021

Davra suhbatida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Sh.Sharipov so‘zga chiqib, o‘z so‘zida “Ajdodlar mardona ruhi bizga yor!” mavzusida tashkil etilgan bugungi tadbir to‘g‘risida o‘z fikr mulohazalarini bildirib tadbirni ochib berdi. Shu bilan birga Ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yangi tizimini yaratish bo‘yicha belgilangan vazifalar to‘g‘risida fikrlar bildirildi.

Istiqlol tufayli yurtimizda tarixiy adolat qaror topdi, milliy qadriyatlarimiz tiklandi. O‘tmishdan saboq chiqarib, bugungi yorug‘ kunlarning qadriga yetishimiz, bebaho ne’mat — mustaqillikni mustahkamlashga hissa qo’shishimiz lozim. Bu sharafli mas’uliyatni chuqur anglashda esa tabarruk qadamjolar tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.

Darhaqiqat, Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Bo’zsuv qirg’og’ida barpo etilgan "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmuasi har doim ziyoratchilar bilan gavjum bo’ladi. Bu maskanga tashrif buyurgan kishi tarixiy xotira tuyg’usini, ezgulik va adolatning boqiyligini, hurriyat va ozodlik ne’matining qadrini yanada chuqur his etadi.

Tinch va osoyishta, millat sha’ni, qadr-qimmati e’zozlangan yurtda inson bugunidan minnatdor, ertasidan ko’ngli to’q yashayotganiga shukronalar keltiradi.

Moziyga qaytib ish tutmoq xayrli, deydilar. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrda bo’lib o’tgan voqealarni xayolimizdan o’tkazsak, chor imperiyasi bosqini, sho’rolar istibdodi davri, Ikkinchi jahon urushidan oldingi va keyingi qatag’onlar, 80-yillarda xalqimizni obro’sizlantirish maqsadida o’ylab topilgan "paxta ishi"... Jafokash xalqimiz ne-ne og’ir sinovlarni, mashaqqatli kunlarni ko’rmadi. Mash’um 1937-1953 yillarda sodir etilgan bedodliklarni tasavvur etish uchun respublikamiz bo’yicha qariyb 100 ming kishi qatag’onga uchrab, 13 ming nafari otib tashlanganini eslash kifoya.

Qatag’on qurbonlari xotirasiga bag’ishlangan yodgorlik majmui aynan shu joyda — Bo’zsuv sohilida barpo etilgani bejiz emas. Odamlarning yuragida mudhish iz qoldirgan qatag’on yillarida bu jarlik — Alvasti ko’prik degan sovuq nom olgan, inson qalbiga qo’rquv soladigan bu qarovsiz joyda xalqimizning minglab asl farzandlari otilgan, bekafan, nom-nishonsiz ko’mib tashlangan.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda istibdod qurbonlari sha’nini tiklash, tarixiy adolatni qaror toptirish borasida qator xayrli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 1999 yil 12 mayda Prezidentimiz farmoyishi bilan mustamlaka tuzum qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bo’yicha jamoatchilik komissiyasi tuzilib, o’sha yilning iyulь oyida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan "Shahidlar xotirasi" xayriya jamg’armasi (hozirda jamoat fondi deb yuritiladi) tashkil etildi.

2000 yil 12 may kuni Yunusobod tumanida "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmui ochildi. Mustamlakachilik yillarida Vatan va xalq ozodligi yo’lida qurbon bo’lgan ajdodlarimizning porloq xotirasi ana shu yodgorlikda o’z abadiyatini topdi.

Ko’p fursat o’tmay, "Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmuida milliy me’morchilik an’analarini o’zida mujassamlashtirgan "Qatag’on qurbonlari xotirasi" muzeyining dastlabki binosi barpo etildi. Qisqa muddat ichida ushbu maskan poytaxtimizdagi eng gavjum ziyoratgohlardan biriga aylandi.

Prezidentimizning 2008 yil 5 maydagi "Qatag’on qurbonlari xotirasi" muzeyining faoliyatini yanada takomillashtirish to’g’risida"gi qaroriga muvofiq majmuada qo’shimcha qurilish ishlari amalga oshirildi, muzey ekspozitsiyasi tubdan yangilandi.

"Shahidlar xotirasi" yodgorlik majmuasi — Vatan ozodligi, mustaqilligi yo’lida o’z jonidan kechgan yurtdoshlarimiz bezovta ruhi taskin topgan maskan. Bir maromda oqayotgan Bo’zsuv qirg’oqlari obodonlashtirilib, chiroyli manzara kasb etdi. Tekis saf tortgan dov-daraxtlar, anvoyi gullar... Majmua markazida balandligi 27 metrga teng moviy gumbaz qad ko’tardi. O’rtasidagi handasaviy shaklda sayqallangan sahnda nefritdan yasalgan sag’ana o’rin olgan. U qatag’on yillarida qurbon bo’lgan hamyurtlarimizning ramziy qabri hisoblanadi.

"Qatag’on qurbonlari xotirasi" muzeyi eksponatlari bilan tanishar ekanmiz, tarixiy xotira har bir inson uchun naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini yana bir bor his etamiz. Ko’pdan-ko’p tarixiy hujjatlar, ma’lumotlar, suratlar, turli ashyolar mamlakatimizning yaqin o’tmishi, 130 yil davom etgan mustamlakachilik siyosati va uning asoratlari, erk va ozodlik kurashchilarining jasorati, shu buyuk maqsad yo’lida qurbon bo’lganlarning fojiali taqdiri va nihoyat, ajdodlarimizning buyuk orzusi sanalmish Istiqlol quyoshining porlashi, mustaqillik yillari yurtimizda amalga oshirilgan beqiyos bunyodkorlik ishlari haqida hikoya qiladi.

Muzeyda zamonaviy dizayn va texnik vositalar, axborot texnologiyalaridan keng foydalanilganligi, ekspozitsiya tarkibidagi sensor kiosklari, monitorlarga qatag’on davrining jafolarini aks ettiruvchi noyob arxiv ma’lumotlari, xotiralar, intervьyular, musiqiy asarlar, videolavhalar va syujetlardan iborat o’sha davr ko’rinishlarining joylanganligi tashrif buyuruvchilar qiziqishini oshirmoqda.

Ma'naviy va ma'rifiy ishlar bo'yicha ma'sul

Butunbaeva Kamolot

 

 

O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasining Elektron interaktiv xizmatlar portaliga o'tish